Hafta avvalida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov rahbarligida topshiriqlar ijrosi va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Videokonfrentsaloqa shaklida oʼtkazilgan muhokamada dastlab, ishchi guruhlar tomonidan “xonadonbay” oʼrganish, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʼyicha yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar muhokama qilindi va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan sektor rahbarlarining hisoboti tinglandi.

Shundan soʼng, dasturga asosan Termiz shahrining 37 ta mahallasida infratuzilmani rivojlantirish boʼyicha ayrim viloyat tashkilotlari va boshqarmalari tomonidan biriktirilgan mahallalarda ishlarni toʼgʼri tashkil qilmaganligi tanqid qilinib, mutasaddilarga qatʼiy ogohlantirish berildi.

Keyingi masala sifatida qishloq xoʼjaligida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning borishi tanqidiy muhokama qilindi. Hududlarda ishlarni sifatli tashkil etish, yuzaga kelgan muammolarni joyida hal etib borish maqsadida aloqador tashkilot va boshqarmalar masʼullaridan iborat 4 ta ishchi guruh tuzilib, hududlarda oʼrganish ishlarini boshlash topshirigʼi berildi.

Muhokamalar yakunida gʼalladan boʼshagan maydonlarni takroriy ekin uchun alohida (“qizil” va “sariq”) toifadagi yoshlarga ajratib berish topshirigʼi ijrosi tahlil qilindi. Bu boradagi ishlar talab darajasida emasligi taʼkidlandi. Hokimliklar va masʼul boshqarmalarga yoshlarga yer maydonlarini ajratish masalasini yakuniga yetkazish boʼyicha muddat belgilandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati