Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Denov tumaniga tashrifining keyingi manzilida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va ulardagi mavjud muammolarni oʼrgandi. Dastlab, “Namozgoh” mahallasi hududida barpo etilayotgan “Savdo majmuasi” loyihasi bilan tanishildi.

Denov tumani hokimligi qoshida tashkil etilgan direktsiya tomonidan 21 gektar maydonda qiymati 346 mlrd soʼmlik 25 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Hozirda 8,2 gektar maydonda 29 mlrd soʼmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Yer va mulk huquqi bilan bogʼliq muammolar mavjud.

Viloyat rahbari loyiha bilan tanishib, mavjud muammolarni tomonlar bilan batafsil oʼrganib chiqish hamda huquqiy yechimlarini qilish boʼyicha masʼullarga koʼrsatmalar berdi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Qoʼzichoqli” mahallasi hududida “Аbbos eko agro” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan miniven va kichik yuk mashinalari ishlab chiqarish loyihasini koʼzdan kechirdi. Xitoylik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihada ham mavjud muammolar oʼrganildi.

2024 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihaning muammolarini oʼrganib, tegishli tartibda hal qilish choralarini koʼrish boʼyicha masʼullarga vazifalar yuklandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati