Termiz tumanida paxta parvarishi boʼyicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi
Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov oʼzining haftalik ish rejasiga muvofiq, bugun hududlarda qishloq xoʼjaligi sohasida, xususan, paxta parvarishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, ishchi guruhlar tomonidan oʼtkazilgan oʼrganish natijalarini muhokama qilmoqda.
Dastlab, viloyat ishchi guruhi tomonidan oʼtkazilgan oʼrganish natijalari Termiz tumanida muhokama qilindi. Tumanning “Namuna” hududidagi “Davron Namuna” fermer xoʼjaligi paxta dalasida oʼtkazilgan muhokamada masʼullarga yoʼl qoʼyilgan kamchiliklar koʼrsatib oʼtildi, ayrim fermer xoʼjaliklari tomonidan agrotexnik tadbirlar sifatsiz amalga oshirilganligi tanqid qilindi.
Viloyat rahbari muhokama yakunida masʼullarga paxtani chanqatmasdan, sharbat usulida tunda sugʼorish, gʼoʼzaning yon shoxlarini chilpish ishlarini yakunlash, qator oralarini shamollatish maqsadida kunning issiq vaqtlarida kultivator ishlovlari berish hamda qoloq maydonlarda qoʼshimcha parvarishlash tadbirlarini olib borish vazifalarini belgilab berdi.