Qiziriqda paxta hosilini yigʼib olish mavsumi oldidan seminar oʼtkazildi
Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Qiziriq tumanida boʼlib, paxta dalalarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan soʼng tumanda paxta hosilini yigʼib olish mavsumiga tayyorgarlik boʼyicha tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi.
Tumanda 7 684 gektar maydondagi paxta hosilini nes-nobud qilmasdan yigʼishtirib olish maqsadida 119 ta otryad tashkil etilgan va 142 ta texnika jalb qilish rejalashtirilgan. Seminarda otryadlar, jalb qilingan texnikalarning shaylik holati, terimchilar uchun paxta maydonlarida sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Tuman hokimi olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Viloyat hokimi hududlar va otryadlar rahbarlari hamda masʼullar bilan suhbatlashib, yigʼim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʼtkazish boʼyicha vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, paxa yigʼim terimi vaqtida yongʼin xavfsizligini taʼminlash maqsadida maxsus taktik oʼquv mashgʼuloti oʼtkazildi. Tadbirga favqulodda vaziyatlar organlarining 83 nafar xodimlari va 17 ta maxsus texnikalari jalb qilindi.
Tadbir yakunida mavsum oldidan ehson uchun jonliq soʼyilib, qurʼon tilovat qilindi.