Navbatdagi seminar Sherobod tumanida oʼtkazildi

Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirokida paxta hosilini yigʼib olish mavsumiga tayyorgarlik boʼyicha navbatdagi seminar Sherobod tumanida tashkil etildi.

Seminarda tuman mutasaddilari, qishloq xoʼjaligi sohasi va fermer xoʼjaliklari, otryadlar rahbarlari hamda aloqador masʼullar ishtirok etishdi. Tumanda 9 250 gektar maydondagi paxta hosilini yigʼishtirib olish uchun 195 ta terim otryadlari tashkil etilgan va ularga 20 mingdan ortiq terimchilar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Terilgan paxta xom ashyosini paxta qabul qilish maskanlariga uzluksiz yetkazib berish maqsadida 112 ta transport vositasi, 217 ta traktor tirkamasi mavsumga shay holatga keltirilgan.

Viloyat hokimi hududlar va otryadlar rahbarlari hamda masʼullar bilan suhbatlashib, yigʼim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʼtkazish boʼyicha vazifalarni belgilab berdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati