Аngor tumanida ham paxta yigʼim-terimi oldidan seminar oʼtkazildi

Аngor tumanida ham viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov rahbarligida paxta hosilini yigʼib olish mavsumiga tayyorgarlik boʼyicha seminar tashkil etildi. Unda tuman sektor rahbarlari, qishloq xoʼjaligi masʼullari, otryad rahbarlari, aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Tumanda bitta klaster va 32 ta fermer xoʼjaliklari tomonidan 4 ming 734 gektar maydonda gʼoʼza parvarish qilinmoqda. Paxta hosilini oʼz vaqtida va sifatli yigʼib-terib olish uchun 105 ta terim otryadi shakllantirilgan va 11 mingdan ortiq terimchi jalb qilish rejalashtirilgan. Paxta hosilini qabul maskanlariga uzluksiz yetkazib berish maqsadida 20 ta terimchilarni tashish texnikalari, 55 ta transport vositasi, 136 ta traktor tirkamasi mavsumga shay holatga keltirilgan.

Seminarda otryadlar, jalb qilingan texnikalarning shaylik holati, terimchilar uchun paxta maydonlarida sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman rahbarlari axborot berdi. Viloyat hokimi hududlar va otryadlar rahbarlari hamda masʼullarga yigʼim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan oʼtkazish boʼyicha vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, paxta yigʼim terimi vaqtida yongʼin xavfsizligini taʼminlash maqsadida maxsus taktik oʼquv mashgʼuloti oʼtkazildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati