Surxondaryodagi umumtaʼlim maktablarini yangi oʼquv yiliga tayyorlash uchun 11 mlrd soʼmdan ortiq mablagʼ ajratildi

Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov rahbarligida Sariosiyo tumani 12-sonli maktabda vohadagi umumiy oʼrta taʼlim maktablarining 2023-2024 oʼquv yiliga tayyorgarligiga bagʼishlangan seminar boʼlib oʼtdi. Seminar videokonfrentsaloqa shaklida oʼtkazilib, unda taʼlim sohasi masʼullari, boshqarma boshliqlari, shahar va tumanlar studiyalaridan sektor rahbarlari, mutasaddilar hamda maktab direktorlari ishtirok etdi.

Seminarda maktablarni yangi oʼquv yiliga puxta tayyorlash, jamiyatda oʼqituvchi obroʼ-eʼtiborini oshirish, ularni vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilmaslik, taʼlim sifatini yaxshilash borasidagi masalalar muhokama qilindi. Viloyat rahbari oʼqituvchilarni oʼz vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilgan har qaysi darajadagi rahbarga nisbatan keskin choralar koʼrilishini taʼkidladi.

Taʼlim muassasalari sharoitlarini yaxshilash, yangi oʼquv yiliga tayyorlash maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan 11 mlrd 195 mln soʼm mablagʼ ajratilib, maktablarning ichki va tashqi yoritish chiroqlarini yangilash, oʼquv binolarining pol, ichki va fasad qismlarini taʼmirlash uchun zarur boʼlgan materiallar xarid qilindi.

Xarid qilingan ushbu materiallar seminar yakunida barcha hududlarda taʼmirlanishi rejalashtirilgan maktablar direktorlariga topshirildi va mutasaddilarga taʼmirlash ishlarini qisqa fursatlarda yakunlash topshirigʼi berildi.

Shuningdek, viloyat rahbari tumandagi 12-sonli umumtaʼlim maktabidagi mavjud sharoitlar, uning yangi oʼquv yiliga shaylik holatini koʼzdan kechirdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati