Surxondaryoda eng mohir ovchilar yigʼini va harbiy sport musobaqalari oʼtkazildi
Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrug “Termiz” dala-oʼquv maydonida “Kalibr” klubining Surxondaryo viloyati miqyosida «Eng mohir ovchi» musobaqasi boʼlib oʼtdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi – harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Ulugʼbek Qosimov, Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, mudofaa vazirligi va kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari hamda klub aʼzolari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat rahbari soʼzga chiqib, “Kalibr” klubining harbiylar bilan oʼzaro hamkorligi, ovchilarning boy hayotiy tajribasidan foydalanish borasida tashkil etilayotgan mazkur harbiy sport musobaqalarining ahamiyati haqida toʼxtalib oʼtdi.
Shundan soʼng musobaqalarga start berildi va ishtirokchilar avtomat va merganlik miltigʼidan turli masofalardagi nishonlarni yoʼq qilish boʼyicha oʼzaro bellashdi. Yakunda yoʼnalishlar boʼyicha gʼoliblikni qoʼlga kiritgan ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovgʼalar berildi.
Maʼlumot uchun, “Kalibr” klubi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi qoshida tashkil etilgan boʼlib, Nizomiga muvofiq, ushbu klubga faqatgina Oʼzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga aʼzo boʼlgan (qurol olib yurishga haqli) fuqarolar qabul qilinadi. Birlashma niqoblanish, joyga moslashish, orientirlanish, qiyin sharoitlarda yashovchanlik borasidagi oʼz tajriba va koʼnikmalarini harbiy xizmatchilarga oʼrgatish boʼyicha mahorat darslari oʼtib borishi belgilangan.