Oltinsoyda 32 ming xonadonning elektr taʼminotini yaxshilovchi loyihaga start berildi
Oltinsoy tumanida 110/35/10 kVt “Oltinsoy” podstantsiyasi va 19 kilometrlik 110 kVt havo tarmogʼi hamda 25 000 kV lik 2 ta transformator punkti qurilishi boshlandi. Loyiha tumanda infratuzilma rivojlanishiga, 32 ming xonadon, ijtimoiy soha obʼektlari va iqtisodiyot tarmoqlari, ishlab chiqarish korxonalarining elektr taʼminotini yaxshilashga xizmat qiladi.
Loyihaga start berish tadbirida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etdi. Viloyat rahbari loyihani belgilangan muddatda sifatli amalga oshirish topshirigʼini berdi. Qurilish-taʼmirlash ishlari bilan bogʼliq muammolarni hal etish boʼyicha masʼullar belgilandi. Аholi farovonligiga xizmat qiluvchi loyiha boshlanishi oldidan jonliq soʼyilib, ehson qilindi.
Shuningdek, shu yerning oʼzida nuroniylar, mahalla faollari bilan suhbat qilinib, mahalladagi mavjud muammolar tinglandi. Koʼtarilgan masalalarni hal etish boʼyicha tuman rahbarlariga vazifalar yuklandi.