Paxta maydonlarini defoliatsiya qilish yuzasidan koʼrgazmali seminar oʼtkazildi
Surxondaryo viloyati Jarqoʼrgʼon tumani “Surxon” hududi “Oltin mexnatobod paxtasi” fermer xoʼjaligining dalasida gʼoʼzani defoliatsiya qilishga bagʼishlangan koʼrgazmali seminar boʼlib oʼtdi. Unda 2023 yil hosiliga tayyorgarlik ishlarining borishi, gʼoʼza defoliatsiyasi tadbirlarini qisqa muddatlarda oʼtkazish kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov, qishloq xoʼjaligi masʼullari, tuman hokimlarining sohaga masʼul oʼrinbosarlari, paxta toʼqimachilik klasterlari, fermer xoʼjaligi rahbarlari hamda qishloq xoʼjaligi sohasida koʼp yillik tajribaga ega agronom-olimlar ishtirok etdi.
Joriy yilda viloyatda 72 ming 270 gektar maydonda paxtaning mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil va ertapishar navlari yetishtirilmoqda. Shundan 64 ming 770 gektar paxtazorni defoliatsiya qilish rejalashtirilgan. Defoliatsiyani oʼz vaqtida va sifatli oʼtkazish maqsadida 219 ta OVX purkagichlari belgilangan dislokatsiyalarga yigʼilib, ularning texnik holati koʼzdan kechirildi. Texnika vositalarining qariyb barchasiga sifatli texnik va servis xizmati koʼrsatildi, mavsumga shay holga keltirildi.
Viloyat rahbari masʼullarga tadbirlarni uyushqoqlik bilan belgilangan muddatda amalga oshirish topshirigʼini berdi.