“Shoʼrchidonmahsulotlari” АJda urugʼlik don tayyorlash jarayonlari bilan tanishildi

Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Shoʼrchi tumaniga tashrifining keyingi manzilida “Shoʼrchidonmahsulotlari” АJda boʼlib, korxona faoliyati, mahsulot ishlab chiqarish va urugʼlik don tayyorlash jarayonlarini koʼzdan kechirdi.

Joriy yilda Turkiya texnologiyasi asosida qayta modernizatsiya qilingan korxonada kuniga 660 tonna bugʼdoy qayta ishlanadi, 120 tonna omuxta yem ishlab chiqariladi. Mavjud 4 ta urugʼlik sexida jami 9 560 tonna don saralanadi va dorilanib, ekishga tayyorlanadi. Hozirda korxonada 600 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilib kelmoqda.

Shu yerning oʼzida 2024 yil hosili uchun urugʼlik donni tayyorlash, saqlash va belgilangan muddatlarda ekish ishlariga tayyorgarlik koʼrish masalalari yuzasidan seminar oʼtkazildi. Hozirda 4 ta urugʼlik don sexida 4 000 tonna saralangan urugʼlik boʼlib, qolgan urugʼlikni tayyorlash ishlari joriy yil 10 sentyabrga qadar yakunlanadi.

Viloyat rahbari voha iqlimi va tuproq sharoitlariga mos urugʼlarni tanlash, dorilash, saralash va urugʼlik donni ekishga toʼliq tayyorlash ishlarini belgilangan muddatda yakunlash topshirigʼini berdi. Tadbir yakunida urugʼlik sexida koʼp yillardan buyon namunali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlarga sovgʼalar topshirildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati