Bandixon va Oltinsoy tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Xabar berilganidek, viloyat Ishchi guruhlari tomonidan Termiz shahri va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʼyicha belgilangan dasturlar ijrosi, sektorlar faoliyati, aholi turmush farovonligini oshirish va boshqa yoʼnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar oʼrganilib, natijasi tahlil qilib borilmoqda.

Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishchi guruhlar tomonidan Bandixon va Oltinsoy tumanlarida oʼtkazilgan navbatdagi oʼrganish natijalarini videokonfrentsaloqa shaklida boshqarma va tashkilotlar hamda ikki hudud masʼullari ishtirokida muhokama qildi.

Ushbu tumanlarda dasturlar ijrosida qator kamchiliklarga yoʼl qoʼyilgan. Mol-mulk va yer soliqlari iyul oyi uchun belgilangan reja Bandixon tumanida 25 foizga, Oltinsoy tumanida 26 foizga undirilgan. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati Bandixon tumanida 9 foizni, Oltinsoy tumanida 23 foizni tashkil etadi. Natijada ikki hududda investitsiya dasturi asosida yaratilishi belgilangan 821 ta ish oʼrni tashkil etilmagan.

Viloyat rahbari shu va boshqa yoʼnalishlarda yoʼl qoʼyilgan kamchiliklarni sanab oʼtdi va tumanlar mutasaddilarini qatʼiy ogohlantirdi. Masʼullarga mavjud holatni oʼnglash boʼyicha vazifalar belgilab berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati