Viloyat hokimining onlayn qabulida 261 nafar fuqaroning 306 ta muammosi tinglandi
Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov hududlardagi fuqarolarning murojaatlarini tinglash va hal etish samaradorligini oshirish, ularning uzoq yoʼl bosib, sarson boʼlishlarini oldini olish maqsadida shahar va tumanlar studiyalari orqali onlayn qabul oʼtkazdi.
Qariyb 4 soat davom etgan qabulda hududiy studiyalardan ishtirok etgan 261 nafar fuqaroning 306 ta masaladagi muammosi tinglandi. Fuqarolar tomonidan asosan, davolanish, uy-joy olish yoki qurish uchun subsidiya olish, yoʼllarni taʼmirlash, ishga joylashish, oʼzini oʼzi band qilish uchun jihoz ajratish, elektr energiya va ichimlik suvi taʼminoti, kadastr, maktab va maktabgacha taʼlim tizimidagi muammolar va boshqa masalalar koʼtarildi.
Har bir murojaat masʼullar va hududlar rahbarlari ishtirokida tinglanib, ularning 47 tasi qabul davomida hal qilib berildi. Ijrosi muddat va qoʼshimcha oʼrganish talab qiladigan 259 ta murojaat masʼullarga yoʼnaltirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Qabul soʼngida viloyat rahbari har bir murojaat shaxsan nazoratida boʼlishini, oʼrganilmagan, ijrosi taʼminlanmagan murojaatlar nazoratdan yechilmasligi hamda murojaatlar ijrosiga bepisandlik va beparvolik bilan qaragan har qanday darajadagi rahbarlarga nisbatan keskin choralar koʼrilishini taʼkidladi.