Maktabgacha taʼlim tizimida olib borilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Surxondaryo viloyatida mavjud davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ularga taʼlim-tarbiya berish jarayonlarini sifatli tashkil etish holati va boshqa masalalar Qumqoʼrgʼon tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida videoselektor tarzida muhokama qilindi.

Viloyat hokimining topshirigʼi bilan Jarqoʼrgʼon, Аngor, Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Qumqoʼrgʼon, Shoʼrchi va Oltinsoy tumanlarida soha mutaxassislari va OАV vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan bogʼchalar faoliyati tanlanma asosida oʼrganildi. Muhokama avvalida ushbu oʼrganish davomida aniqlangan holatlar aks ettirilgan videolavha namoyish etildi.

Hududlarda oʼrganilgan bogʼchalarning ayrimlarida obodonlashtirish ishlari qoniqarsizligi, bolalar ovqatini tayyorlash meʼyorlariga rioya etilmaganligi, taʼlim-tarbiya jarayonlari toʼgʼri yoʼlga qoʼyilmaganligi aniqlangan. Xato va kamchiliklar aniqlangan qator bogʼcha mudiralari va masʼullarini ishdan olish, ayrimlarini qonun doirasida javobgarlik tortish masalasini koʼrib chiqish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

Viloyat rahbari muhokama qilingan bogʼchalar misolida barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini oʼrganish, kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha muddat va vazifalarni belgilab berdi. Ishchi guruhga topshiriqlar ijrosini qayta oʼrganish vazifasi yuklandi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati