Denov tumanida paxta maydonlari defoliatsiyasi va yigʼim-terim mavsumi oldidan koʼrgazmali seminar oʼtkazildi
Surxondaryo viloyati Denov tumani “Surxon sifat tekstil klaster” MChJga qarashli paxta qabul qilish maskanida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov, qishloq xoʼjaligi masʼullari, paxta toʼqimachilik klasterlari, fermer xoʼjaligi rahbarlari ishtirokida gʼoʼzani defoliatsiya qilish, yigʼim-terim mavsumiga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha seminar boʼlib oʼtdi.
Denov tumanida 8 788 gektar maydondagi paxta hosilini yigʼishtirib olish uchun 226 ta otryad tashkil etilgan, 180 ta maxsus texnika va 267 ta tirkama jalb qilingan. Otryadlar, jalb qilingan texnikalar va OVX purkagichlarining shaylik holati, terimchilar uchun paxta maydonlarida sharoit yaratish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman hokimi va sektor rahbarlarining axboroti tinglandi.
Viloyat rahbari masʼullarga yigʼim-terim mavsumiga puxta hozirlik koʼrish, belgilangan maydonlarda defoliatsiya tadbirlarini uyushqoqlik bilan muddatida amalga oshirish topshirigʼini berdi.