Uzun tumanidagi 8 ta mahallada obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi

Kuni-kecha Oliy Majlis Senati aʼzosi, 60-Fayzova saylov okrugidan saylangan deputat, viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Uzun tumani “Nurafshon” mahallasida saylovchilar bilan uchrashuv oʼtkazdi. Unda saylovchilarning murojaatlari tinglandi va ularni qiynab kelayotgan masalalar masʼullar ishtirokida oʼrganildi.

Fuqarolar tomonidan asosan, yoʼllarni toshlash, asfaltlash, koʼprik taʼmiri, qabriston uchun yer ajratish, daryo qirgʼoqlarini muhofazalash, ichimlik va oqova suvi bilan taʼminlash, elektr taʼminotini yaxshilash, beton ustunlar va transformator oʼrnatish, maktab qurish kabi masalalar oʼrtaga tashlandi. Har bir masalani batafsil oʼrganib chiqish va hal etish boʼyicha tuman rahbarlari va soha masʼullariga aniq muddatlar bilan vazifalar yuklandi.

Viloyat rahbari aholi murojaatlaridan kelib chiqib, hududdagi 8 ta mahallada, xususan, “Nurafshon”, “Oʼlanqul”, “Oʼrmonchi”, “Fayzova”, “Surxon”, “Fayzobod”, “Madaniy turmush” va “Xursand” mahallalarida keng koʼlamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini olib borish maqsadida “Nurafshon” mahallasida Shtab faoliyatini yoʼlga qoʼyish, zudlik bilan ishlarni boshlash boʼyicha koʼrsatma berdi.

Hozirda shtab faoliyati yoʼlga qoʼyilib, 8 ta mahalladagi mavjud muammolarni oʼrganish ishlari boshlandi. Ushbu mahallalarda ishlar yakunlangach, boshqa mahallalarda ham uchrashuvlar oʼtkazilib, infratuzilmani yaxshilash ishlari olib boriladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati