Surxondaryoda quruvchilar mehnati sharaflandi

Yurtimizda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan surxondaryolik soha xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, Yangilanayotgan Surxondaryoning yangi qiyofasini barpo etish, shahar va tumanlar taraqqiyotini taʼminlash, aholimiz hayotini yanada obod va farovon etishda oʼzlarining munosib xissalarini qoʼshayotgan mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlar, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillari – ming-minglab bunyodkor qurilish sohasi xodimlarini bayram bilan muborakbod etdi.

Joriy yilning oʼtgan davrida viloyatimizda jami 2 mingdan ziyod obʼektlarda 2 trln 471 mlrd soʼmlik qurilish ishlari bajarilgani, investitsiya dasturi doirasida 35 ta maktab, 21 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari va 3 ta oliy taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruktsiya qilish, 300 oʼringa moʼljallangan “Tibbiyot klasteri” qurilishi jadallik bilan amalga oshirilayotganligi, shuningdek, Prezidentimizning viloyatga tashrifidagi topshiriqlar bayoniga asosan 61 ta maktabda hamda bogʼcha, sogʼliqni saqlash obʼektlarida taʼmirlash ishlari olib borilayotganligi taʼkidlandi.

Quruvchilarimizning mashaqqatli mehnatlari evaziga “Toʼpalang” suv omboridan Termiz shahri va 11 ta tumanning 1 mln 700 ming aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlovchi mega loyiha amalga oshirilayotganligi, aholiga munosib turar joy binolari qurilishini taʼminlash maqsadida “Yangi Oʼzbekiston” massivlarida 5 090 honadondan iborat 145 ta, shuningdek, tadbirkorlik subektlari tomonidan 5 956 xonadondan iborat 101 ta koʼp qavatli uy-joylar qurilayotganligi qayd etildi.

Qurilish sohasining bir guruh vakillariga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovgʼalari tantanali topshirildi.

Toʼkin dasturxon atrofida davom etgan tadbirda estradamizning yorqin yulduzlari, Feruza Jumaniyozova, Sevinch Ismoilova va Osman Navroʼzov kabi xonandalarning chiqishlari bayramga koʼtarinki kayfiyat bagʼishladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati