Surxondaryo viloyatida maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati

Viloyatda jami 965 ta ta’lim muassasasi, xususan, 935 ta umumta’lim maktabi, 7 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 4 ta maxsus maktab, 2 ta sanatoriya tipidagi maktab, 1 ta malaka oshirish markazi va 16 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 16 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 1 ta Prezident maktabi faoliyat yuritib kelmoqda.

Hozirda 935 ta umumta’lim maktablarining 839 tasi yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirilgan. 96 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichda olib borilmoqda.

Jumladan:

✅ 61 ta og‘ir toifadagi maktabda mukammal ta’mirlash;

✅ Investitsiya dasturiga asosan 2 ta yangi maktab qurish, 33 ta maktabni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.

✅ 429 ta maktabda viloyat mahalliy budjetidan ajratilgan 11 mlrd 195 mln so‘m hisobiga joriy ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Joriy o‘quv yilida viloyatimizdagi maktablarga 62 ming 956 nafar o‘g‘il-qizlar 1-sinfga qabul qilinadi. Ularga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat 62 ming 956 dona "Prezident sovg‘alari" o‘z manzillariga to‘liq yetkazib berilgan.

Ma’lumot uchun, o‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi maktablarning 1-sinfiga 60 ming 938 nafar o‘quvchilar qabul qilingan va 32 ming 865 nafar yigit-qizlar 11-sinfni tugatgan.

 

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati