Maktab formalariga qo‘yilgan talablar hamda maktab yarmarkalari faoliyati
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 271-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga muvofiq, yagona maktab formasiga qo‘yiladigan talablar belgilangan. Surxondaryo viloyatida bosqichma-bosqich maktablarda ixtiyoriy ravishda yagona maktab formasiga o‘tish ishlari olib borilmoqda. E’tiborlisi, hozirga qadar viloyatdagi kam ta’minlangan oilalarning 2 099 nafar farzandlari uchun maktab formalari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan olib berildi.
Shuningdek, yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan ota-onalar uchun qulaylik yaratish, umumta’lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, kiyim-kechak va poyabzallar bilan ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan joriy yilning 10 avgustdan 10 sentabrgacha viloyatdagi buyum va oziq-ovqat (dehqon) bozorlarida, yirik savdo majmualari hamda do‘konlarda maktab yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi amalga oshiriladi. Qayd yetilishicha, maktab yarmarkalarini keng assortimentdagi o‘quv qurollari, kiyim-kechak, poyabzal va zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari va xususiy tadbirkorlar keng jalb etilmoqda.
Maktab yarmarkalari faoliyatini samarali va uyushqoqlik bilan tashkil yetish, jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligi, sanitariya va boshqa zarur xavfsizlik tadbirlarini nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli boshqarmalar, mahalliy hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar mas’ul etib belgilangan.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati