Surxondaryo viloyatida «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturi ijrosi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 iyundagi Farmoni bilan respublikamizda kambag‘allikka qarshi kurashish jarayonini yangi bosqichga olib chiqish, bu ishlarga tadbirkorlik sub’ektlarini manfaatli hamkorlik asosida jalb qilish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida «20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis» dasturi yo‘lga qo‘yildi.

Bu borada Surxondaryo viloyatida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, shu kunga qadar dasturda ishtirok etish uchun 588 ta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan arizalar topshirilgan. Dasturda ishtirok etish istagini bildirgan 588 ta tadbirkorlik sub’ektlarining:

- 546 tasi 51 tadan 100 tagacha (jami 21 204 ta);

- 22 tasi 101 tadan 200 tagacha (jami 2 717 ta);

- 20 tasi 200 dan ortiq (jami 5 777 ta) ish o‘rinlari yaratishini ma’lum qilgan.

Hududlardagi komissiyalar tomonidan o‘rganish natijalarida ariza topshirgan tadbirkorlarning 340 tasi bilan shartnomalar imzolangan. Shundan 328 tasiga tegishli sertifikatlar topshirilgan bo‘lib, ular tomonidan 18 ming 422 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

Hududlarda tuzilgan komissiyalar tomonidan kelib tushgan arizalar to‘liq joyiga chiqqan holda o‘rganish, ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini tahlil qilish, tegishli hulosalar berish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga har bir mahalladagi ishsiz fuqarolarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularni tegishli kasblar bo‘yicha o‘qitish, qayta tayyorlash, malakasini oshirish kabi kurslar boshlab yuborilgan.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati