Surxondaryoda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ish boshladi

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda Elektron kooperatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi oʼz ishini boshlandi.

Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” Termiz erkin savdo zonasida oʼtkazilayotgan sanoat yarmarkasida qishloq xoʼjaligi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari, dorivor oʼsimliklarni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi qariyb 200 dan ziyod surxondaryolik, 300 dan ortiq boshqa viloyatlar sanoat korxonalari oʼzlarining import oʼrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Yarmarkaning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari, shuningdek, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi tadbirni ochib berar ekan, respublikamizda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali sanoat salohiyatini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, samarali choralar koʼrilayotganini taʼkidladi.

Yarmarkada asosiy eʼtibor mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qoʼllab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini oʼrganib chiqish, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼyish va ish koʼlamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishga yoʼnaltirilgan.

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ertaga ham davom etadi. Tadbirda ishtirok etish uchun ishlab chiqarish korxonalari, kichik va oʼrta biznes vakillari hamda xususiy tadbirkorlar taklif qilinadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati