Jarqoʼrgʼonda “Yangi Oʼzbekiston” massivi qurilishi bilan tanishildi
Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq bugun qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishmoqda. Jumladan, Jarqoʼrgʼon tumaniga tashrifning keyingi manzilida “Yangi Oʼzbekiston” massivi qurilishi ishlari, hududda barpo etilgan ijtimoiy soha obʼektlari bilan tanishildi.
Tumanning “Qorayontoq” mahallasida barpo etilayotgan “Yangi Oʼzbekiston” massivda joriy yilda 426 ta xonadonli 20 ta koʼp qavatli turar joylar foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, massivda 330 oʼrinli 12x24 sport zali boʼlgan maktab, 180 oʼrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti hamda 50 qatnov quvvatiga ega oilaviy poliklinika binosi qurilishi tugallanmoqda.
Viloyat rahbari turar joylar qurilishini koʼzdan kechirib, hududdagi ijtimoiy soha obʼektlari bilan tanishdi. Maktab, bogʼcha va oilaviy poliklinika qurilishidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi hamda xonadonlar va obʼektlarni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish boʼyicha vazifalar belgilab berildi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati