Surxondaryo viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat va istiqboldagi rejalar

Surxondaryo viloyatida aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish hisobiga ularga qulaylik yaratish maqsadida o‘tgan 2 yil davomida 26 ta, joriy yilda 15 ta oilaviy poliklinika, oilaviy shifokorlik punktlari ishga tushirildi.

Viloyatda yuqori texnologik jarroxlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilib, birinchi bor buyrak ko‘chirish amaliyoti bajarildi. Shuningdek, viloyat kardiologiya markazi va Denov tuman tibbiyot birlashmasiga “Angiograf” apparatining keltirilishi hisobiga shu davrga qadar viloyatda amalga oshirilmagan yurak tug‘ma nuqsoni, yurak ishemik kasalligining surunkali va o‘tkir formalarini jarroxlik usulida davolash, bosh miya, buyrak va katta qon tomirlarining shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklarni davolash hamda yurak aritmiyalariga jarroxlik yo‘li bilan “radiochastotali oblatsiya” va “elektrokardiostimulyator” o‘rnatish kabi tibbiy amaliyotlarni bajarish, organizmning yurak-qon tomir kasalliklari diagnostikasi uchun angiografiya usuli to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida kardioxirurgiya amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyat mahalliy budjetdan 2 mlrd 580 mln so‘m mablag‘ ajratilib, “Sun’iy qon aylanish apparati” xarid qilindi. Natijada yurakda ochiq usulda 11 turdagi jarroxlik amaliyotini o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Endokrinologiya dispanseri 4,1 mlrd so‘mlik 23 turdagi tibbiy apparatura va jihozlar bilan ta’minlandi.

Onkologik bemorlarni gamma-nur terapiyasi bilan davolash maqsadida viloyatga gamma-nur terapiya apparati keltirildi va hozirgi kunda viloyatning o‘zida yiliga 1,5 mingdan ortiq bemor davo muolajalarini olmoqda. Natijada bemorlarning Toshkent shahri va Buxoro viloyatiga sarson bo‘lib borishlariga hojat qolmadi. Bundan tashqari, onkologik kasalliklar, jumladan, ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda aniqlash maqsadida “Mobil mamograf” apparati keltirilgan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida 5 mingga yaqin 45-65 yoshdagi ayollar skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifida berilgan topshiriqlarga asosan hududlarda qo‘shimcha 44 ta oilaviy shifokorlik punktlari tashkil etish uchun 26 mlrd so‘m, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etiladigan “Bolalar kardioxirurgiya” bo‘limi va “Ona va bola salomatlik markazi”ni jihozlash uchun 30 mlrd so‘m, investitsiya dasturi doirasida qurilgan va rekonstruksiya qilingan 12 ta tibbiyot muassasasini jihozlash uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, sog‘lom raqobotni shakllantirish maqsadida nodavlat tibbiyot muassasalari soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Bugungi kunda Surxondaryoda 326 ta xususiy tibbiyot muassasalari (87 ta statsionar, 239 ta ambulator) faoliyat yuritmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati