Sifatli taʼlim – kuchli jamiyat: Surxondaryoda II Ustozlar milliy forumi oʼtkazildi

Bugun Termiz shahridagi muhtasham Sanʼat saroyida “II Ustozlar milliy forumi” boʼlib oʼtdi. Tadbir sanʼat maktablari oʼquvchilarining bayramona chiqishlari, sport maktablarida yetishib chiqqan sportchi-yoshlar, kitobxon va rassom, ijodkor va sanʼatkor yoshlarning ijodiy chiqishlari bilan boshlandi.

Milliy forumda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, tadbirda jam boʼlgan 700 dan ortiq muallimlar orqali vohamizdagi barcha pedagoglarni mustaqilligimizning oʼttiz ikki yillik bayrami hamda “Bilimlar kuni” bilan tabrikladi. Shuningdek, tizimda soʼnggi yillarda olib borilgan keng koʼlamli ishlar haqida toʼxtalib, viloyatdagi 965 ta maktabda qariyb 532 ming oʼquvchiga 45 mingdan ortiq oʼqituvchi va murabbiylar taʼlim-tarbiya berib kelayotgani hamda ularning 3 508 nafari oliy toifali oʼqituvchilar ekani, bu koʼrsatkich soʼnggi olti yilda qariyb toʼrt barobarga oshganligini taʼkidladi.

Tadbirda taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʼrnak koʼrsatgan, taʼlim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qoʼshayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan 30 nafar pedagoglar, muallim va murabbiylarimiz viloyat hokimining faxriy yorliqlari va sovgʼalari bilan taqdirlandi.

Taqdirlash marosimida sohada koʼp yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan faxriy ustozlar soʼzga chiqib, taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor xususida, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi masʼuliyati haqida soʼz yuritdilar.

Viloyatning taniqli sanʼatkorlari ishtirokidagi kontsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada koʼtarinkilik bagʼishladi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati