Yangi hayot uchun, Yangi Oʼzbekiston uchun | Surxondaryoliklar mustaqilligimizning oʼttiz ikki yilligini katta bayram va shodu-xurramlik bilan nishonladi
Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi” amfiteatrida mamlakatimiz mustaqilligining oʼttiz ikki yilligiga bagʼishlangan viloyatning asosiy bayram tantanalari boʼlib oʼtdi.
Tadbirda ishlab chiqarish ilgʼorlari, fermer va tadbirkorlar, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tantana avvalida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov mustaqillik yillarida mamlakatimizda erishilgan ulkan natijalar, xususan, viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va maʼrifiy hayotida roʼy bergan oʼzgarishlar haqida soʼz yuritdi. Barchani bayram bilan tabrikladi.
Bayram dasturidan bolajonlar, harbiylar, sportchilar va aktyorlarning chiqishlari, milliy-etnografik guruhlar, sanʼatkorlar, xususan, Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston xalq artisti Mahmud Namozov, Oʼzbekiston xalq artistlari Hosila Rahimova, Rashid Xalikov, shuningdek, estradamiz yulduzlari Baxrom Nazarov, Jasur Mavlonov, Sevinch Ismoilova, Hamdam Sobirov va Rayxon Gʼanievaninng shoʼx-shodon kuy-qoʼshiqlari tadbirga oʼzgacha fayz bagʼishladi.