Boysun tumanida turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarga press-tur o‘tkazildi

Davlatimiz rahbarining Surxondaryoda turizmni rivojlantirish borasida yaratib bergan imkoniyatlari natijasida vohaga 2022 yil yakuniga ko‘ra 1,1 mln nafar turistlar tashrif buyurdi va bu ko‘rsatkich 5 yil avvalgi 85 ming sayyoh tashrifidan 13 martaga ortdi.

Viloyatda mavjud turizm potensialidan samarali foydalanish, yangi turistik yo‘nalishlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Boysun tumani Zovboshi hududida tog‘ dor yo‘li loyihasiga start berildi, “Bibishirin” mahallasida “Narzi qushbegi” xususiy korxonasi tomonidan qiymati 47,0 mlrd so‘mlik “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini o‘tkazish kompleksini o‘z ichiga olgan turizm zonasi qurilmoqda.

Bugun ushbu loyihalar bilan tanishtirish maqsadida OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari hamda blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, soha mas’ullari va tuman mutasaddilari ishtirok etishdi.

Shuningdek, press-tur davomida “Termiz-Boysun qurilish” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan dam olish maskani va tog‘ dor yo‘li qurilishi hamda turizm loyihalari, xususan, “Milliy PR-markazi”ni tashkil etish bo‘yicha loyiha-taqdimotlari bilan ham tanishildi.