Tadbirkorlar qabuli oʼtkazildi

Murojaatlar ijrosiga bepisandlik qilgan ayrim rahbarlarga chora koʼrildi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov navbatdagi onlayn formatdagi “Tadbirkorlar qabuli”ni oʼtkazdi. Dastlab avvalgi qabullarda ijroga yoʼnaltirilgan murojaatlarning hal etilishi tahlil qilindi. Yuklangan masalalar ijrosiga sovuqqonlik bilan qarab kelgan masʼullarning bir guruhiga intizomiy jazo choralarini qoʼllash, maʼmuriy javobgarlikka tortish, ayrimlarini vazifasidan ozod etish boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

Jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari” АJ Surxondaryo hududiy filiali rahbarini maʼmuriy javobgarlikka, Markaziy bank boshqarmasi boshligʼi, "Аgrobank" va "Mikrokreditbank" viloyat filiali rahbarlarini intizomiy jazoga tortish, shuningdek, Shoʼrchi tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʼlimining shartnomalar boʼyicha masʼulini vazifasidan ozod etish masalasini koʼrib chiqish topshirigʼi berildi.

Davlatimiz rahbarining topshirigʼiga asosan viloyat hokimligida sanoat korxonalarini energiya resurslari bilan doimiy taʼminlash masalasida 7/24 rejimida ishlovchi shtab faoliyati yoʼlga qoʼyilganligi va sanoat korxonalari bilan ishonch telefonlari orqali aloqa oʼrnatilishi, shtabga jalb qilingan masʼullar korxonalarning mavjud muammolarini hal etishga koʼmaklashishi maʼlum qilindi.

Bugungi qabul davomida hududiy studiyalar orqali 83 nafar tadbirkorning 95 ta murojaati tinglandi. Koʼtarilgan masalalarning 6 tasi qabul davomida ijobiy hal etildi. 89 ta murojaat qoʼshimcha oʼrganib chiqish va hal etish choralarini koʼrish vazifasi bilan masʼullarga yoʼnaltirildi.

“Tadbirkorlar qabuli”da ishtirok etish uchun “Call-tsentr” bilan bogʼlanish raqamlari va tartibi bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati