Termiz shahri va Termiz tumanida sanoat korxonalarining muammolari oʼrganildi

Davlatimiz rahbari huzurida joriy yil 8 sentyabrь kuni oʼtkazilgan sanoat korxonalari barqaror ishlashi uchun tarmoq va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Termiz shahri va Termiz tumanida boʼlib, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi, ularning mavjud muammolarini oʼrgandi.

Xususan, Termiz shahridagi “Oravit Keramik” MChJning keramika, “Imperiya demis” xususiy korxonasining gazabeton, “Saodoatbonu Аziza Termiz” xususiy korxonasining qurilish ishlarini moliyalashtirish hamda Termiz tumanidagi "Surxon Termiz sharq" xususiy korxonasining gazablok, “Surxon keramiks” MChJning keramika, “Movaraunnaxr Surxon” MChJning temir beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishilib, mavjud muammolar mutasaddilar ishtirokida oʼrganildi.

Masʼullarga tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlab, yuzaga kelgan kreditor qarzdorliklarini oʼrganish, muammolarni bartaraf etishga koʼmaklashish, loyihalarning toʼliq quvvatda ishlashini taʼminlash choralarini koʼrish, shuningdek, energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash vazifalari topshirildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati