Shoʼrchi va Oltinsoy tumanidagi 715 nafar yoshga 1 mlrd 980 mln soʼmlik amaliy yordam koʼrsatildi
Davlatimiz rahbari belgilab bergan yangi tizimga asosan yoshlarni manzilli qoʼllab-quvvatlash ishlari davom etmoqda. Jumladan, bugun Surxondaryo viloyatida navbatdagi tadbir Shoʼrchi tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida oʼtkazildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov ishtirok etib, “Yoshlar daftari”da turgan Shoʼrchi va Oltinsoy tumanidagi 715 nafar yoshga 1 mlrd 980 mln soʼmlik, jumladan, 49 nafariga oʼzini oʼzi band qilishi uchun jihoz, asbob-uskuna va dastgohlar hamda 666 nafariga oʼqish, ilm fan bilan shugʼullanish, davolanish hamda safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlarini qoplash uchun moddiy yordam sertifikatlarini topshirdi.
Shuningdek, viloyat va tumanlar tashkilotlari tomonidan oʼzlariga biriktirilgan “qizil” toifadagi yoshlarning 123 nafariga turli jihozlar topshirildi.
Maʼlumot uchun, shu kunga qadar ushbu tumanlarda “qizil” toifaga kiritilgan 3 482 nafar yoshlarning 3 409 nafari yoki 97,9 foiziga turli koʼrinish va yoʼnalishdagi amaliy yordamlar koʼrsatildi.