Surxondaryo viloyati hokimi Turkiyalik olimlar guruhini qabul qildi
Bugun viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov Turkiyaning “Livagro” firmasining taʼsischisi, oliy toifali agronom Bilol Talmach boshchiligidagi olimlar guruhini qabul qildi. Uchrashuvda “Livagro” firmasining paxtachilik va urugʼchilik sohasida olib borayotgan tadqiqotlari, erishgan natijalari, yaratilgan yangi navlar hamda yetishtirish texnologiyasi boʼyicha taqdimotlari bilan tanishildi.
Firma faoliyati boʼyicha taqdimot bilan tanishilib, muzokaralar yakunida Surxondaryo viloyatida klasterlar bilan hamkorlikda 10 ming gektar maydonda zamonaviy paxta yetishtirish texnologiyasiga asosan hosildor paxta navlarini yetishtirish boʼyicha tajriba-sinov ishlarini olib borishga kelishildi. Kelgusida tajriba oʼzini oqlab, koʼzdangan maqsadga erishilsa, Turkiya firmasi bilan hamkorlikda paxta yetishtirish ishlari yoʼlga qoʼyilishi taʼkidlandi.
“Livagro” firmasi 2003 yildan buyon Turkiyada urugʼ ishlab chiqarish, tadqiqot va rivojlantirish sohasida faoliyat yurituvchi biotexnologik firma boʼlib, bir nechta davlatda tajriba ishlarini olib borgan. Firma tomonidan taklif etilayotgan paxta yetishtirish texnologiyasi orqali urugʼ ekishdan hosil yigʼishtirib olishgacha boʼlgan jarayonlar toʼliq texnikalar yordamida amalga oshiriladi va oʼrtacha 60 sentner hosildorlikka erishish maqsad qilingan.