Surxon vohasi polvoni Muhsin Hisomiddinov uch karra Osiyo oʼyinlari gʼolibi boʼldi
Аyni kunlarda Xitoyning Hangjou shahrida boʼlib oʼtayotgan Osiyo oʼyinlarida bugundan Kurash bahslari start oldi. Kurash vatani boʼlgan Oʼzbekiston kurashchilari haqiqiy polvonlar yurtidan ekanliklarini namoyish etishib, birinchi kun bahslarining oʼzida 3 ta oltin, 1 ta kumush medalni oʼz hisoblariga yozib qoʼyishdi.
Jumladan, erkaklar oʼrtasida +90 kg vazn toifasi final bahsida yurtimiz sharafini surxondaryolik kurash boʼyicha Osiyo oʼyinlari gʼolibi, qitʼa va jahon chempioni Muhsin Hisomiddinov munosib himoya qilib Osiyo oʼyinlarida uchinchi bor chempionlikni qoʼlga kiritdi.
Polvonimiz finalda turkmanistonlik Tejen Tejenovdan ustun kelib, oltin medalga sazovor boʼldi. Bu delegatsiyamiz uchun mazkur Osiyo oʼyinlaridagi oʼninchi oltin medal.
Sportchimiz va uning yaqinlarini hamda barcha yurtdoshlarimizni ushbu zafarli gʼalabalar bilan muborakbod etamiz.