Surxondaryoda oʼqituvchi va murabbiylar sharaflandi

Termiz shahridagi "Аfruz" tantanalar saroyida 1 oktyabr – Oʼqituvchi va murabbiylar kuniga bagʼishlangan viloyatning asosiy bayram tadbiri boʼlib oʼtdi. Unda Surxondaryo viloyati taʼlim tashkilotlari mutasaddilari, ilgʼor oʼqituvchilar, tizimda samarali mehnat qilayotgan faxriy ustoz-murabbiylar ishtirok etdi.

Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʼbek Qosimov taʼlim fidoyilarini bayram bilan samimiy tabriklab, Prezidentimizning Oʼzbekiston oʼqituvchi va murabbiylariga yoʼllagan tabrigini oʼqib eshittirdi.

Viloyat rahbari kuni kecha Prezidentimiz Farmoniga asosan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan oʼqituvchi va murabbiylarga orden va medallarni tantanali topshirdi. Shuningdek, bir guruh fidoyi ustoz va murabbiylarga viloyat hokimining faxriy yorliq va sovgʼalari topshirildi.

Toʼkin dasturxon atrofida bayramona oʼtkazilgan tadbirda qiziqarli kontsert dasturi namoyish etilib, elimiz suygan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʼshiqlar, saxnalashtirilgan chiqishlar ustozlarga koʼtarinki kayfiyat ulashdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati