Yana toʼrtta tumanda maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi oʼrganildi
Viloyat hokimi Ulugʼbek Qosimov hududlarga tashrifini Аngor, Muzrabot, Sherobod hamda Qiziriq tumanlarida davom ettirib, maktablarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, DXSh asosida markazlashgan isitish tizimini joriy etish boʼyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, Аngor tumanidagi 36-sonli, Muzrabot tumanidagi 10-sonli, Sherobod tumanidagi 45, 66-sonli va Qiziriq tumanidagi 3-sonli maktablarda ishlar koʼzdan kechirilib, ushbu tumanlarda ijtimoiy soha obʼektlarida markazlashgan isitish tizimini joriy etish boʼyicha bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan masʼullarning hisoboti tinglandi.
Shuningdek, hududlarda aholi uchun kommunal xizmatlar koʼrsatish sifati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʼrish, koʼmir yoqilgʼisi bilan taʼminlash, koʼrsatilgan kommunal xizmatlar uchun toʼlovlarni undirish borasida olib borilayotgan ishlar ham muhokama qilindi. Soha masʼullari axborot berdi.
Viloyat rahbari ayrim tumanlarda bu borada sustkashlikka yoʼl qoʼyilayotganligini tanqid qilib, mutasaddilarga ishlarni tizimli yoʼlga qoʼyish hamda jadallashtirish boʼyicha topshiriqlar berdi.