Surxondaryoda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni nishonlandi
Kuni-kecha Termiz shahridagi “Afruz” tantanalar saroyida "11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni" bayramini keng nishonlandi. Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, boshqarma, muassasalar rahbarlari, hamkor tashkilotlar, uyushma xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan mutasaddilar barchani bayram bilan tabriklab, bugun kasaba uyushmalari bundan yetti yil oldingi mehnatkashlar tashkilotidan umumxalq tashkilotiga aylanib borayotgani ta’kidlandi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashabbuskorlik namunalarini ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Ayni paytda viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida 500 mingga yaqin a’zoni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashmoqda. Birgina Surxondaryo viloyatida so‘nggi yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini mustahkamlash uchun “Amudaryo” sog‘lomlashtirish markazi, “Termiz marvaridi”, “Xo‘jaipok” hamda “Sangardak” sanatoriylari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Soha fidoyilari sharaflangan bayram tadbirida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi e’lon qilgan “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi”, “Eng yaxshi ayol ish beruvchi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” singari tanlovlar g‘oliblariga diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bir guruh soha xodimlari va faol ishchi-xizmatchilar viloyat hokimligining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fayzli bayram dasturxoni atrofida vohamiz ardog‘idagi san’atkorlarning chiqishlari barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.