Yaponiya bilan turizm sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

Noyob buddaviylik arxeologik yodgorliklariga ega Surxon vohasi Yapon halqida katta qiziqish uyg‘otib keladi. Shuningdek, an’ana va qadriyatlarimizning yaqinligi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik rishtalarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda ayni kunlarda Yaponida bo‘lib turgan Surxondaryo viloyati delegatsiyasining bugunga mo‘ljallangan tadbirlar dasturiga muvofiq viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimov Yaponiya sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (JATA) raisi Xiroyuki Takaxashi va “H.I.S. Co. Ltd.” sayyohlik kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Motoshi Yada bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda JATA raisi mamlakatimizning sayyohlik salohiyati juda yuqori ekanligini alohida ta’kidlab, yapon sayyohlarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganlgini qayd etdi. Muzokaralar davomida Surxondaryo viloyatiga Yaponiyadan sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida qator kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, JATAga a’zo yetakchi sayyohlik kompaniyalar bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida broshyuralarni chop qilish, keng tarqatish, Termiz va Yaponiya shaharlari o‘rtasida charter reyslarni tashkil etish, xorijiy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatlari va shart-sharoitlari bilan tanishtirish maqsadida 2024-yilda JATA rahbariyati boshchiligidagi Yaponiya sayyohlik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyaning Surxondaryoga tashrifini tashkil qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, “H.I.S. Co. Ltd.” sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan videorolik suratga olish, “Ziyorat”, “Gastronomik” va “Eko” turizm yo‘nalishlari bo‘yicha yangi “turizm kontentlari”ni ishlab chiqish, mamlakatimiz uchun ishlab chiqilayotgan turizm marshrutlariga Termiz shahrini kiritgan holda broshyuralar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.