Boysunda “Ma’naviyat sektori”ning ochiq kutubxonasi ish boshladi

Prezidentimizning joriy yil 16-17-noyabr kunlari Surxondaryoga tashrifida berilgan topshiriqlariga asosan “Surxondaryo tajribasi” sifatida “Ma’naviyat sektori” faoliyati tashkil etilmoqda. Viloyatimizning barcha hududlarida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish borasida amaliy ishlar boshlangan.

Xususan, kuni-kecha Boysun tumanida “Ma’naviyat sektori” kengashi a’zolari va Surxondaryo teleradikompaniyasi bilan hamkorlikda birinchi ochiq kutubxona tashkil etildi. Tadbirda boysunlik adib, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham ishtirok etib, o‘ziga xos xayrli loyihani qo‘llab-quvvatladi. Boysunliklar kitobxonligi, kitobsevarligi alohida ta’kidlandi. Xalq shoiri va boshqa faollar hamda tadbir ishtirokchilari kutubxona javoniga o‘z dastxatlari bilan kitoblar qoldirishdi.

– Birinchi bo‘lib tajriba sifatida ushbu kutubxonaning Boysun tumanida o‘rnatilishi bejizga emas. Boysun tumanidan to‘rt nafar xalq yozuvchilari va shoirlari chiqqan. Shukur Xolmirzaev, Sattor Tursun, Erkin A’zam va kamina – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim.

Ushbu kichik kutubxonada fuqarolarimiz o‘zlari o‘qigan kitoblarni olib kelib qo‘yishlari va bu kitoblarni yoshlar, ziyoli qatlam, shuningdek, barcha kitobsevarlar mutolaa qilishlari uchun tashkil etildi.