Bu yil qishda aholi va ijtimoiy soha obektlari elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanadimi?
Bu savol yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Surxondaryo hududiy filiali quyidagilarni ma’lum qilmoqda:
Joriy yil aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarining elektr ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida 360 ta transformator punkti o‘rnatilib, 645,3 km havo elektr tarmoqlari yangilandi.
Jumladan, Prezidentimizning “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 39 ta transformator o‘rnatildi va 177,7 km elektr uzatish tarmoqlari tortildi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Mahallalarda infratuzilmani yaxshilash orqali aholiga qulay sharoitlar yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida 133,7 km elektr tarmoqlari, 41 ta transformator punkti tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi doirasida 14 ta transformator, 7,8 km havo tarmog‘i, Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida 14 ta transformator, 27 km havo tarmog‘i, “Surxondaryo viloyatidagi mahallalarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar” dasturi doirasida 237 ta transformator punkti va 222,9 km havo elektr uzatish tarmoqlari yangidan qurildi.
Qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish, “avariya”larni tezkor bartaraf etish maqsadida 447 nafar xodimdan iborat 89 ta maxsus brigada tashkil etildi hamda ularga 47 ta maxsus va yordamchi transportlar ajratildi. Shuningdek, 101 ta tarmoq transformatorlari, 20 tonna transformator moyi, 150 ta temir-beton ustun va 7,6 tonna sim hamda 7 569 dona boshqa ehtiyot qismlar zaxirasi yaratildi.