Ulug‘bek Qosimov: “Aholi bayram shukuhini avvalo arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlaridan sezishi kerak”
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida navbatdagi “Hokimlik soati” o‘tkazildi. Viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari studiyalari orqali mutasaddilar bilan davlat rahbarining viloyatimizga tashrifida belgilab berilgan vazifalar ijrosi, ijro intizomi, faollar ko‘tarayotgan muammolarning hal etilishi hamda “Yangi yil” bayramiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
– Yangi yil aholimiz intiq bo‘lib kutadigan, barcha birdek nishonlaydigan bayram. Biz ko‘cha va hiyobonlarimizni hozirdan bayramga mos ravishda bezashimiz kerak. Aholi bayram shukuhini bozorlarimizda tashkil etilgan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalaridagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan his qilishi kerak. Buning uchun hudud va tarmoqlar rahbarlari bugundan barcha zarur choralarni ko‘rishi shart – deya ta’kidladi viloyat rahbari.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning axborotlari tinglandi. Davlatimiz rahbarining tashrifida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, tegishli qaror loyihalarini ishlab chiqish, investitsiyalarni jalb qilish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, tegishli mutasaddilarga yangi yil bayrami munosabati bilan muhtojlar va uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olish, joylarda aholi, ayniqsa bolajonlar uchun katta bayram konsertlarini tashkil etish va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash topshirildi.