Termiz tumanida 1 176 o‘rinli maktab va 50 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi

Bugundan boshlab Termiz tumani “Orol” mahallasidagi mingga yaqin bola zamonaviy maktabda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Hududdagi 3-sonli maktab viloyatdagi 61 ta og‘ir toifadagi maktablar ro‘yxatiga kiritilib, 3,9 mlrd so‘mlik loyiha asosida to‘liq rekonstruksiya qilindi.

Qurilish talablari asosida to‘liq ta’mirlangan va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan maktab bugun foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, mahalla nuroniylari, o‘qituvchi-murabbiylar va o‘quvchilar hamda tuman mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan mahalla nuroniylari, o‘qituvchilar hamda faollar hukumatimizning ta’limga, xususan, maktablar sharoitlarini yaxshilashga qaratayotgan e’tiboridan mamnun bo‘lib, o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.

Shuningdek, bugunning o‘zida Termiz tumanidagi yangi aholi yashash punktlaridan biri bo‘lgan “Yangier” mahallasida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 2,2 mlrd so‘mga bunyod etilgan, zamonaviy shart-sharoitlarga ega Yangier oilaviy shifokorlik punkti ham foydalanishga topshirildi. Endilikda ushbu hudud aholisi ham o‘z uyi yaqinida malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.