Benzin, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minoti hamda yangi yil bayramiga tayyorgarlik ishlari: Termiz shahrida topshiriqlar ijrosi o‘rganildi
Xabar berganimizdek, viloyat rahbari mas’ullarga aholining ko‘plab e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarga e’tibor qaratib, benzin yetkazib berish hajmlarini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Topshiriqqa asosan, bugunning o‘zida AYOQSHlarga 134,8 tonna benzin olib kelindi. Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi bir nechta yoqilg‘i quyish shahobchalarida bo‘lib, benzin zaxiralarini o‘rgandi.
Mutasaddilarga qishning sovuq kunlarida birinchi navbatda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida AGNKS (metan zapravka) larga kiritilgan cheklovlar vaqtida nisbatan arzon “AI-80” markali benzinni sotilishi hajmlarini oshirib, aholiga qulaylik yaratish zarurligi yana bir bor qayt etildi va mutasaddilarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari shaharning ayrim mahallalarida yuqori bosimli gaz taqsimlash shahobchalarida gaz bosimini ko‘zdan kechirdi. Sovuq kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’yektlariga gaz yetkazib berish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, tarmoqlarda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda mavjud zaxiralar o‘rganildi.
Jarayonda viloyat rahbari mutasaddilar bilan “San’at saroyi” majmuasida tiklangan viloyatning asosiy hamda Alisher Navoiy haykali va “Yoshlar bog‘i” saylgohlarida o‘rnatilgan yangi yil archalarini ko‘zdan kechirdi. Aholiga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida archa maydonlari va shaharning asosiy ko‘chalarini bayramona bezatish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berdi.