Shtab faoliyati: Benzin yetkazib berish hajmlari oshirilishi bilan birga uning sifati ustidan nazorat kuchaytiriladi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida viloyat shtabining navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibida asosiy masalalar, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va ko‘mir bilan ta’minlash hamda AYoQShlarga benzin yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha qilinayotgan ishlar tahlil qilindi.

– Sovuq kunlarda birinchi navbatda aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida metan quyish shaxobchalariga cheklovlar kiritildi. Bunday vaqtda AYoQShlarga arzon narxlardagi “AI-80” markali benzini yetkazib berish bilan muammoni yumshatishimiz mumkin. Lekin, shunday og‘ir kunlarda ham o‘z nafsi va cho‘ntagini o‘ylab, arzon benzin markasini qimmat narxlarda sotayotgan noinsoflar ham bor, ming afsuski! – deya ta’kidladi viloyat rahbari.

Ichki ishlar, departament, “Uzenergonazorat” inspeksiyasi kabi tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhi tuzib, zapravkalarda sotilayotgan benzin sifatini nazorat qilish, yoqilg‘i markasini noto‘g‘ri ko‘rsatib, qimmatroq sotishga urinish holatlari aniqlangan taqdirda qonuniy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, kun tartibidagi boshqa qator masalalar yuzasidan ham amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati