Sherobodda bog‘ va chorva kompleksi, Termiz tumanida yirik loyihalar va Termiz shahrida “IT” markazi qurilishi bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sherobod va Termiz tumani hamda Termiz shahrida qator loyihalar qurilishi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda taqdimotlar bilan tanishdi.

Dastlab, viloyat rahbari Sherobod tumanida “Pomir agroklaster” MChJ XK tomonidan amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 392 mlrd so‘mlik chorvachilik kompleksining qurilishi bilan tanishdi. Jami 175 ta doimiy ish o‘rni yaratiladigan loyiha doirasida 5 ming bosh zotdor qoramollarni parvarishlash kompleksi va yiliga 30 ming tonna sutni qayta ishlash zavodi qurilib, 2025-yil oktabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sherobod tumani markaziy istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 12 mlrd so‘mlik loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Aholining maroqli hordiq olishini ta’minlash, bolajonlarga quvonch ulashish maqsadida umumiy maydoni 7,4 gektar bo‘lgan bog‘da o‘yin maydonlari, kinoteatr, veloyo‘laklar, turli hajmdagi favvoralar, attraksionlar, mini futbol maydonchasi, yozgi amfiteatr hamda yashil zonalar tashkil etiladi.

Viloyat rahbari mas’ullarga bog‘ hududida ishlar sust ketayotganligi va ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi uchun e’tiroz bildirdi hamda ishlarni jadallashtirib, loyihani belgilangan muddatda yakunlash vazifasini qo‘ydi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi Termiz tumanida joylashgan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti va qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi. Xususan, bazalt plitalari, tomchilatib sug‘orish uskunalari, qishloq xo‘jaligi agregatlari, paxta terish mashinalari hamda un va un mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yirik loyihalar, shuningdek, logistika markazi qurilishi ko‘zdan kechirildi. Tadbirkorlar bilan suhbat davomida loyihani amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar tahlil qilinib, yechimlari belgilab berildi.

Tumanlarga tashriflardan so‘ng viloyat rahbari kunning ikkinchi yarmida Termiz shahrida "IT" markazi tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Mas’ullarga yangidan tashkil etilayotgan 500 o‘rinli markazni barcha zamonaviy vositalar, kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlash, malakali dasturchi yoshlarni tayyorlash orqali sohada xizmatlar va dasturlar eksportini oshirish vazifalari yuklandi.

Tashrif dasturi yakunida, viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasining yangi binosi qurilishi ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, binoning ikkinchi qavatida yoshlar uchun "IT" markazi tashkil etish topshirildi.