Surxondaryo ahliga Ramazon hayiti tabrigi
Surxondaryo ahliga Ramazon hayiti tabrigi
Muhtaram vohadoshlar, qadrli viloyatimiz mehmonlari!
Barchangizni insonparvarlik, mehr-oqibat, xayru saxovat va bag‘rikenglik ayyomi – Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Muhtaram Prezidentimizning xalqimizga yo‘llagan tabriklarida ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda yurtimizdagi barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini ta’minlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Bu kabi ezgu ishlar Surxondaryoda ham davom ettirilib, bugun erta tongdan vohadoshlarimiz tinchlik va xotirjamlikda 130 ta jome' masjidida hayit namozini o‘qigani, xususan, Termiz shahrida 3 200 o‘rinli yangi masjidning foydalanishga topshirilgani ham bunga yaqqol dalildir.
Aziz surxondaryoliklar!
Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonimizga o‘zgacha fayz bag‘ishlayotgan ana shunday shafoatli kunda mehnatkash va oqko‘ngil, mard va oliyjanob Surxondaryo ahlini Iyd-al-fitr bayrami bilan muborakbod etib, mo‘tabar mohi Ramazonda qilgan barcha ezgu niyat va duolari ijobat bo‘lishini tilayman!
Ramazon hayiti barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Ulug‘bek Qosimov,
Surxondaryo viloyati hokimi