Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki: Surxondaryoda umumxalq xayriya hashari qizg‘in davom эtmoqda
Yurtimizda joriy yil 16-18-mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, vohamizdagi 724 ta mahallada bugun erta tongdan ishlar qizg‘in boshlandi.
Viloyat, shahar va tumanlardagi korxona va tashkilotlar, obodonlashtirish sohasi xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari tomonidan hududlarda, mahalla va ko‘chalarda, turar joylar atroflarida, qabriston va ziyoratgohlar, xiyobonlarda obodonlashtirish va tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda hasharda 470 mingdan ortiq vohadoshlarimiz ishtirok etishayotgan bo‘lib, ular tomonidan 189 gektardan ortiq maydon, 792 ta ko‘cha obodonlashtirildi, 60 kilometr uzunlikdagi ariq va zovurlar tozalanib, 26 ta qabriston, 3 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi hamda 35 ta bolalar maydonchasi ta’mirlandi.
“Yashil hududlar” yaratish ishlari doirasida 83 ming 400 tup manzarali, 45 ming 600 tup mevali daraxt ko‘chatlari, 86 ming 700 tup gul ko‘chatlari ekildi. 76 ming 650 tup daraxtga shakl berilib, oqlandi. 500 dan ortiq maxsus texnika vositalari yordamida 228 tonna maishiy chiqindi maxsus joylarga tashib chiqarildi.
Vohamiz bo‘ylab umumxalq xayriya hashari davom etmoqda.