Surxondaryolik yosh innovatorlar ko‘zi ojizlar uchun "aqlli hassa" yaratishdi

Surxondaryolik aka-uka Mashhurbek va Abdumalik Qarshiyevlar hamda ularning singlisi Muharram oddiy hassani innovatsion "aqlli hassa"ga aylantiradigan noyob qurilma yaratdilar. Bu haqida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

"Aqlli hassa" texnologiyasi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan odamlarning mustaqil harakat qilish imkoniyatini oshirishga, ularning jamiyatda faol bo‘lishlariga qaratilgan. U ovozli yordamchi, akselerometr va kompas hamda doimiy yangilanib turadigan funksiyalarni o‘z ichiga oladi.

UNICEF tomonidan UPShIFT dasturi amalga oshirilayotgan bo‘lib, dastur O‘zbekiston yoshlari uchun tadbirkorlikda yangi yechimlarini taklif qilish orqali jamiyatdagi muammolarni aniqlab, ularning yechimini topish uchun ajoyib imkoniyatdir. Termizlik iqtidorli yoshlar ham ushbu dastur doirasida o‘z jamoalarini tuzib, yangi innovatsiyalar ustida ishlashmoqda.

Dastur Surxondaryo viloyati hokimligi, Yevropa Ittifoqi va "Istiqbol avlod" Respublika ijtimoiy-axborot markazi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.