Festival mehmonlarini yuqori saviyada kutib olishga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishildi
Joriy yil 1-7-may kunlari Boysun tumanida o‘tkaziladigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik jarayonlari yakuniy bosqichda qizg‘in olib borilmoqda. Yigirmadan ortiq davlatlarning mashhur folklor jamoalari va o‘ndan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ko‘plab turistlar kelishi kutilayotgan festivalga tashrif buyuruvchilarni kutib olishga ham yuqori saviyada hozirlik ko‘rilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz xalqaro aeroportida ayni tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirdi hamda festivalga tayyogarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan komissiyalar rahbarlarining axborotlarini tingladi.
Yetti kun davom etadigan festival doirasidagi tadbirlardan tashqari xorijiy va mahalliy sayyohlar hamda mehmonlarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida viloyatimizning diqqatga sazovor joylariga press-turlar, turli ko‘ngilochar tadbirlar, Boysunning hushmanzara tabiat maskanlarida dam olish uchun sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni ham yakunlash vazifalari belgilandi.