Denovda aholi daromadlarini oshirish va ish o‘rinlari yaratish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Denov tumaniga tashrif buyurib, “Denov ravnaq kamoli” MChJning poyabzal ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar sifati bilan tanishgan viloyat rahbari tadbirkorga korxona faoliyatini kengaytirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida temirni qayta ishlash orqali qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi taqdimot qilindi. Mas’ullarga tadbirkorning faoliyati va tashubbuslarini qo‘llab-quvvatlash vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, Istiqlol yulduzi mahallasida “Sayxunobod” tajribasini joriy etish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi ishlar bilan tanishildi hamda “yettilik”ning bu boradagi axborotlari tinglandi. Aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish, asalarichilik va issiqxonachilik faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Mahalla guzarida xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan loyihalar bilan ham tanishilib, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarga subsidiya asosida tikuvchilik dastgohi hamda motokultivator topshirildi.