Surxondaryoda mehnat faxriylari taqdirlandi
Prezidentimizning “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur mukofotga bu yil 50 nafar surxondaryolik sazovor bo‘ldi. Bugun Surxondaryo viloyati hokimligida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda O‘zbekiston faxriylarning ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari va pul mukofotlarini o‘z egalariga topshirib, mukofot sohiblarini muborakbod etdi.
Shundan so‘ng, nuroniylar uchun Termiz shahridagi “Muhtasham” tantalalar saroyida bayram dasturxoni tashkil etildi. To‘kin dasturxon atrofida vohamizning taniqli san’atkorlarining chiqishlari nuroniy va faxriylarimizga bayram quvonchini ulashdi. Ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik va e’tibordan mamnun bo‘lgan nuroniylar yurt tinchligi va obodligini, xalqimiz farovonligini so‘rab duoga qo‘l ochishdi.
Yillar davomida elga xizmat qilgan, endilikda boy mehnat tajribasi, hayotiy maslahatlari bilan jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarning “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi nuroniylarimiz va faxriylarimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yuksak namunasidir.