Surxondaryo viloyati hokimi va Novosibirsk gubernatorining onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi

Bugun videokonfrensaloqa shaklida tashkil etilgan onlayn muloqotda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov boshchiligida tomonlarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, migratsiya, investitsiyalar va sanoat sohalari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Muloqot avvalida viloyatimiz rahbari Novosibirsk gubernatoriga Surxondaryo delegatsiyasining joriy yil 17-18-iyul kunlari Novosibirsk viloyatiga tashrifida tashkil etilgan yuqori saviyadagi qabul hamda mehmondo‘stlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Shundan so‘ng, tashrif davomida erishilgan kelishuvlar, tuzilgan shartnomalar ijrosi, xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehnat migratsiyasi, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish, loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tomonlarning rasmiylari axborot berdi.

Onlayn muloqot davomida Novosibirsk viloyati delegatsiyasining joriy yil sentyabr oyida Surxondaryoga bo‘ladigan tashrifi dasturi ham muhokama qilindi.

Muloqot yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda rivojlantirishga tayyorligini hamda birgarlikda loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini qayd etishdi.