Paxta maydonlari defoliatsiyasi va yig‘im-terim mavsumi oldidan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Sherobod tumanida qishloq xo‘jaligi mas’ullari, paxta to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirokida g‘o‘zani defoliatsiya qilish, yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda vohaning boshqa tumanlari mas’ullari videokonfrensaloqa orqali ishtirok etdi.
Surxondaryoda 2024-yilgi paxta hosili uchun 72 210 gektar maydonda g‘o‘za ekilgan bo‘lib, mirishkorlarimiz 275 ming tonnaga yaqin xirmon yaratishni maqsad qilishgan. Yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, hosilni yog‘in-sochinli kunlarga yetmasdan yig‘ishtirib olish maqsadida viloyat bo‘yicha jami 1 430 ta terim otryadlari tashkil etilgan.
Bugungi seminarda viloyat rahbari hududlar mas’ullari va qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilarining yig‘im-terimga tayyorgarlik ko‘rish hamda maydonlarni terimga tayyorlash uchun defoliatsiya tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan axborotlarini tingladi. Sohaning malakali mutaxassislari bergan maslahatlarni inobatga olib, defoliatsiya tadbirlarini yengil shaklda amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
Viloyat rahbari tumanlar mutasaddilariga terim otryadlari uchun barcha sharoitlarni ta’minlash, dalaning o‘zida issiq ovqat, ichimlik suvi va boshqa zaruriy ta’minotlarning bo‘lishini qat’iy nazoratga olish, jalb qilinadigan texnikalarni safarbarlikka tayyor qilish vazifasini topshirdi.